Mo'ynoqda “Save Aral” xalqaro ekomarafonining yakunlovchi bosqichi o'tkazildi

Qoraqalpog'iston Respublikasi Mo'ynoq tumanida O'zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar kengashi, Milliy Olimpiya qo'mitasi hamda bir qator sport tashkilotlari hamkorligida «Yangi nafas» sport va ijtimoiy harakati doirasida «Save Aral», yani «Orolni qutqaramiz» xayriya akciyasi doirasida ommaviy yugurish marafonining final bosqichi bo'lib o'tdi.

Marafonga O'zbekistonning 20dan ortiq shaharlarida o'tkazilgan «Save Aral» ommaviy yugurish marafoni g'olib va sovrindorlari, havaskor yugurish ixlosmandlari, ushbu sport turiga qiziqadigan yosh atletlar hamda Mo'ynoq tumani aholisi ishtirok etdi.

«Book cafe» markazi yonidan start olgan musobaqa «Mo'ynok mayog'i» ostonasida yakunlandi.

Uzoq va mashaqqatli yo'lni bosib o'tgan va finish chizig'iga birinchilardan bo'lib etib kelgan bir qator yoshlar tuman hokimligi va musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom va estalik sovg'alari bilan taqdirlandi. Taqdirlash marosimida musobaqaning eng kichik va eng katta yoshli ishtirokchilari ham esdan chiqarilmadi.

– Ushbu sport musobaqasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvarda imzolangan “O'zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida 2020 yildan boshlab sport sohasida “Save Aral” xalqaro ekomarafoni sport musobaqalarini tizimli o'tkazish orqali yurtimizda sport turizmini rivojlantirish bo'yicha belgilangan vazifasi ijrosini taminlash maqsadida tashkil etildi, – dedi Mo'ynoq tumani jismoniy tarbiya va sport bo'limi boshlig'i Ruslan Jusipov.

O'zbekistonning bir qator viloyat, shaharlari va Mo'ynoq tumanida bo'lib o'tgan “Save Aral” xalqaro ekomarafonining «tarix taxtasi»ga tuman hokimi E.Edanbaev ham estalik sifatida o'z imzosini muhrladi.

Musobaqa “Orol dengizi tarixi” muzeyi oldida madaniyat xodimlari ijrosidagi kuy-qo'shiqlar bilan davom etdi.